Uzb | Rus
Bugun 30 Avgust  2014 y.
  >>Huquq   >>VIJDON ERKINLIGI VA DINIY BAGRIKENGLIK

«Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilishi va hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasi

Asosiy Qonunimizning 18-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda vijdon va e’tiqod erkinligi huquqidan foydalanadilar.

Asosiy qonunda ushbu huquqning aks ettirilishi mamlakatimizda insonlarning vijdon va e’tiqod erkinligi ta’minlanishining asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq yurtimizda muqaddas dinimiz va milliy urf-odatlarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni to‘liq tiklana boshlandi. Eng muhimi, mamlakatimizda kishilarning e’tiqod erkinligi qonun asosida kafolatlandi. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun dindorlar hayotida emas, balki jamiyat ma’naviy hayotida ham ulkan voqea bo‘ldi.

Mazkur qonun bilan barcha fuqarolarning millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishi va qaysi dinga e’tiqod qilishidan qat’i nazar, teng huquqliligi mustahkamlab qo‘yildi. Aniqroq aytganda, dinning yuksak madaniyat va ma’naviyat vositasi ekanligi, beqiyos axloqiy-tarbiyaviy qudrati, shuningdek, kamtarinlik, kamsuqumlik, halollik va poklikka undovchi qadriyatlar milliy qadriyatlar qatorida qonuniy tan olindi.

Shu bilan birga, dindan g‘arazgo‘ylik maqsadida foydalanish, diniy omillar vositasida siyosat va davlat ishiga aralashish kabi holatlar qat’iyan man etildi. Davlat va din o‘rtasida kechadigan munosabatlar aniq tartibga solindi. Musulmonlar hayotida qutlug‘ sanalar hisoblangan Ramazon va Qurbon hayiti kunlarini doimiy sur’atda bayram sifatida nishonlash va ularning dam olish kunlari deb e’lon qilinishi mustaqil davlatimiz tarixida alohida bir sahifa ochdi.

O‘zbekiston musulmonlari bevosita hukumat yordamida har yili muqaddas Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatiga erishdilar. Shuningdek, davlat tomonidan boshqa din vakillariga ham o‘z dinlaridagi muqaddas qadamjolar hisoblangan joylarni erkin ziyorat qilish imkoniyati yaratib berildi.

Sho‘ro davrida mamlakatimizda bor-yo‘g‘i 89 ta masjid va ikkita madrasa ishlagan bo‘lsa, hozirgi kunda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi boshqaruvi ostida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan 2000 dan ortiq masjid faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga binoan O‘zbekiston Musulmonlari idorasiga qarashli «Mir Arab», «Ko‘kaldosh» islom o‘rta maxsus bilim yurtlari, «Xadichai Kubro», «Juybori Kalon» nomli ayol-qizlar islom o‘rta maxsus bilim yurtlari kabi 10 ta diniy o‘quv yurtida fuqarolar tahsil olishyapti. Bulardan tashqari, Rus pravoslav cherkovining Toshkent va Markaziy Osiyo seminariyasi hamda O‘zbekiston To‘liq yevangel xristianlari markazining Toshkent protestant seminariyasi ham belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tib, o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.

Shuningdek, turli millat vakillari ham o‘zlari e’tiqod qiladigan dinlarida emin-erkin ibodat qilmoqdalar. Hozirgi kunda mamlakatimizda 15 turdagi 170dan ortiq noislomiy diniy tashkilotlar rasman faoliyat ko‘rsatayotganligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Diniy tashkilotlarga erkin faoliyat olib borishlarini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ko‘plab imtiyozlar yaratib berildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 10 sentyabrdagi farmoyishi bilan ularga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, ichimlik suvi, issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, telefon, oqava suv va maishiy chiqindilar)ga to‘lovlarni aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lash huquqi berildi. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 22 avgustdagi qarori bilan Toshkent Islom instituti va islom o‘rta maxsus bilim yurtlari bitiruvchilariga beriladigan diplomlar davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etildi hamda ana shu hujjat (diplom)larga ega bo‘lgan shaxslarga davlat oliy ta’lim tizimida o‘qishni davom ettirish huquqi berildi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadi insonlarning vijdon va e’tiqod erkinligi huquqini to‘la ta’minlashga qaratilgan.

Zikrillo MAHMUDOV, Adliya vazirligi mas’ul xodimi.



Ruknlar

 Parlament
 Siyosat
 Iqtisodiyot
 Talim
 Tibbiyot
 Manaviyat
 Huquq
 Qonun va sharh
 Ijtimoiy hayot
 Ekologiya
 Sanat
 Sport
 Dolzarb mavzu

 
 


<< Avgust >>
Y D S Ch P J Sh
          1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31            
<< 2014 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



  ?  2012 ?  php